“Kovrak” o‘simligining qanday dardlarga davo ekanligini bilasizmi?
Ibn Sino tavsiyalariga ko‘ra, kovrak urug‘ining qaynatmasi (urug‘i xuddi supurginikiga o‘xshash malla rang, shakli ham shunga o‘xshab ketadi) 3 mahal 50 grammdan ichilsa, ona suti ko‘payadi. Shirasiga anjir qo‘shib yeyilsa, sariq (gepatit) kasalligini tuzatadi. Yelimiga murch, sirka qo‘shib, yomon sifatli yaralarga surilsa, foyda qiladi. Soch to‘kilishiga ham o‘ta foydalidir. Ma’lumki dunyo miqyosida farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining taxminan 50% dorivor o‘simliklar xomashyosidan tayyorlanmoqda. Ko‘pchilik mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham farmatsevtika sanoatini jadallik bilan rivojlanishi bunday korxonalarning dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabni keskin ortishiga sabab bo‘lmoqda. Kovrakdan ham O‘zbekiston xalq tabobatida uzoq yillardan buyon foydalanib kelinadi. Kovrak - (Ferula) turkumi selderdoshlar (soyabonguldoshlar)- Apiaceae (Umbelliferae) oilasiga mansub bo‘lib, ko‘p yillik o‘t o‘simligi. Kovrakning yer yuzida 160 dan ziyod turlari, O‘rta Osiyo respublikalarida 104, mamlakatimizda esa 50 turi uchraydi. Smola - yelim olishda sassiq kovrak, Kuhiston kovragi kabi turilari ishlatiladi. Kovrak respublikamizning Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasining qumli cho‘llar, adirlar, tog‘lar va tog‘oldi yalangliklarda, soz tuproqli yerlarda o‘sadi. Tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida L.) keng tarqalgan bo‘lib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi. Bu Dorivor o‘simlik Tabobatda bemor organizmiga ijobiy ta’sir etuvchi biologik faol modda hisoblanadi. Dorivor vositalar sifatida o‘simliklarning ildizi, bargi, po‘stlog‘i, guli, mevasi, shirasi va boshqa qismlaridan foydalaniladi. Mutaxassislar tomonidan ma’lum qilinshicha, kovrakning yelim-smolasi xalq tabobatida o‘pka sili, o‘lat, zaxm, ko‘k-yo‘tal, tish og‘rig‘i, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, hamda quvvat beruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi va gijja haydovchi dori sifatida qo‘llaniladi. Ilmiy meditsinada kovrak yelim-smolasi - “assafetida” nomi bilan kukun, emulsiya va tindirma (nastoyka) holida og‘riq qoldiruvchi, balg‘am ko‘chiruvchi, quvvat beruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi va ko‘pgina davlatlar farmokopeyasiga kiritilgan. Tomog‘i og‘rib, ovozi bo‘g‘ilib qolgan kishilar kavrak yelimini suvga qo‘shib ichsa, xastalik darhol chekinadi. Tanada paydo bo‘lgan yaralarni kavrak yelimiga murch va sirka aralashtirilib surtib davolash mumkin. Sharq mamlakatlarida Eron, Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston kovrak shirasi va ildizi oziq-ovqat sanaotida ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi
.